Paralimpiya o‘yinlarining bugungi musobaqalarida 10 nafar o‘zbekistonlik sportchi qatnashadi
Bugun, 4-sentabr kuni Fransiya poytaxti Parijda davom etayotgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarining yettinchi kungi musobaqalarida sportchilar 14 ta sport turi bo‘yicha bahslashadi, deb xabar bermoqda O’zA.
Kun davomidagi musobaqalarda 10 ta sport turining 75 ta medallar jamlanmasi uchun shiddatli bellashuvlar bo‘lib o‘tadi. O’zbekistonning 10 nafar sportchisi para velosport, para o‘q otish, para suzish va para yengil atletika musobaqalarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.
Yettinchi kungi musobaqalar ostonasida paralimpiyachilarimiz 6 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan 182 ta davlat orasida umumjamoada kuchli o‘nlikda bormoqda.
Davlatlar kesimida 53 ta oltin, 40 ta kumush, 22 ta bronza medaliga ega Xitoy vakillari peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda Buyuk Britaniya (30-18-13), AQSh (20-18-11) delegatsiyalari bormoqda.
Bugun kun mobaynidagi Paralimpiya bahslarida para velosportchilarimizdan G’olibbek Mirzayorov, Azimbek Abdullayev, para o‘q otishda Server Ibragimov, Shahnoza Mamajonova, para suzishda Dmitriy Xorlin, para yengil atletikada Kubaro Hakimova, Madina Muxtorova, Urganch Egamnazarov, Roziya Ergasheva va Shahina Yigitaliyeva ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, 8-sentabrga qadar davom etadigan Paralimpiya o‘yinlarida 182 ta davlatning 4 ming 400 nafar para sportchilari qatnashmoqda.
Sharhlar