75% ovqatlanish joylarida menyu davlat tilida emas

Foto: gastronoma

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilardan umumiy ovqatlanish korxonalarida (restoran kafe, oshxona va bufet) ko‘rsatilayotgan xizmatlarda sanitariya-gigiyena talablari buzilayotganligi, narxlarni oshirib qo‘llash hamda taomnomalarning davlat tilida taqdim etilmayotganligi yuzasidan 250 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.

Murojaatlar asosida olib borilgan o‘rganishlarda umumiy ovqatlanish subyektlari tomonidan iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishda ovqat tayyor bo‘lish vaqti, narxi va to‘lash shartlari haqida to‘g‘ri tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik, taomnomalarda tayyor ovqatlarning hajmlari ko‘rsatilmaganligi, yo‘l bo‘yida sanitar qoidalariga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlash, tayyor ovqatni yetkazib berish, tashish va saqlashdagi muammolar ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, o‘rganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining:

  • 524 tasida – (75%) taomnoma davlat tilida emas;
  • 480 tasida – (69%) ish rejimi ko‘rsatilmagan;
  • 449 tasida – (65%) narxnomalar mavjud emas;
  • 429 tasida – (62%) avtoturargohlar mavjud emas;
  • 519 tasida – (74,6%) favqulodda vaziyatlar uchun chiqish yo‘laklari mavjud emasligi aniqlangan.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqoridagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi) tegishli tartibda ma’lumotlar kiritildi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.