8-sinf qiz bilan sodir bo’lgan holatga aloqador gumonlanuvchilar orasida tuman prokuraturasining ish yurituvchisi ham bor
Samarqand viloyatida 8-sinf o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlanganligi haqida xabar bergan edik.
Ushbu holat bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning Anhor.uz so‘roviga qo‘shimcha ma’lumotlar berdi.
Unga ko’ra, 2024-yil 6-oktabr kuni voyaga yetmagan qiz prokuraturaga ariza bilan murojaat qilib, 2-oktabr kuni bir necha shaxs tomonidan zo‘rlanganligi va ularga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Ariza yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatga Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlanib, joriy yil 30-oktabr kuni viloyat prokurorining tegishli buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan bo‘shatilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda tayinlangan sudga oid tibbiyot va biologik ekspertizalari natijalariga ko‘ra, joriy yil 31-oktabr kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergovga taalluqliligi bo‘yicha ichki ishlar organiga yuborilgan.
Olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlari davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan va 8 nafar shaxs, shu jumladan Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan, 1 nafar gumonlanuvchini ushlash choralari ko‘rilmoqda.
Hozirda jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.
Sharhlar