8 oylik chaqaloq Sankt-Peterburgdan Buxoroga qaytarildi
Bolalar ombudsmaniga Buxoro viloyatida yashovchi M.T. (ayol) murojaat qilib, turmush o‘rtog‘i O.N. Rossiya Federatsiyasida bo‘lish muddati tugaganligi sababli 2024-yilning 28-aprel kuni O‘zbekistonga qaytib kelishga majbur bo‘lganligi, ammo 5 oylik farzandi M.Z. (joriy yilning 25-yanvarda tug‘ilgan qiz bola) Sankt-Peterburg shahridagi bolalar shifoxonasida ota-ona g‘amxo‘rligisiz yolg‘iz qolganligini bildirgan.
Shuningdek, hozirda davolash jarayoni tugagan bo‘lsada, ayol farzandini O‘zbekistonga olib kelish moddiy imkoniga ega emasligini bildirib, bolani O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘ragan.
M.T.ning farzandi vaqtidan avval va juda kichik vaznda bir necha yurak kasalliklari bilan tug‘ilib, Sankt-Peterburgdagi mazkur muassasada shifokorlar nazorati ostida bo‘lgan va davolash jarayonida yuragiga operatsiya qilingan.
Shu bilan birga, kasalxona ma’muriyati bildirishicha, bolaning 8 oy davomida davolanish muolajalari va operatsiya uchun ota-ona tomonidan to‘lov amalga oshirilmagan.
Ushbu murakkab vaziyatda O‘zbekistonning yirik tadbirkorlaridan biri bolaning shifoxonada tibbiy muolajalari uchun to‘lovni qisqa fursatda to‘lab berdi.
Bolalar ombudsmani Sankt-Peterburgdagi qizaloqni O‘zbekistonga tez fursatda qaytarilishi yuzasidan zarur choralar ko‘rish uchun TIV va IIVga so‘rov kiritgan va davolanishdan keyin bola hali to‘liq tiklanmaganligi hamda aviaqatnov paytida sog‘lig‘ida muammolarni oldini olish maqsadida Bolalar ombudsmani Sog‘liqni saqlash vazirligiga bolani O‘zbekistonga olib kelishda maxsus shifokor hamrohlik qilishida amaliy ko‘mak berishini so’ragan.
1-sentyabr kuni, Sankt-Peterburg shahridan vatanga qaytarilgan 14 nafar bola qatorida M.Z. Ichki ishlar vazirligi vakillari va shifokorlar hamrohligida O‘zbekistonga olib kelindi va ota-onasiga topshirildi.
Endilikda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan bolaning sog‘lig‘ini saqlashga va oilaga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishga oid choralar ko‘rilmoqda.
Sharhlar