Abdulaziz Komilovning o‘g‘liga tegishli kompaniya Chinoz neftni qayta ishlash zavodini sotib oldi
Doniyor Komilovning Petroleum Technology Group kompaniyasi Chinoz neftni qayta ishlash zavodini sotib oldi, deb xabar bermoqda “Uznews.uz” Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registriga tayanib.
Petroleum Technology group ushbu zavodni qachon va qanday narxga sotib olgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Chinoz neftni qayta ishlash zavodi avval “O‘zbekneftgaz” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.
Nashr eslatishicha, Chinoz zavodini xususiylashtirish jarayoni 2022-yil avgustida boshlangandi. U 2016-yilda tashkil qilingan bo‘lib, Toshkent viloyatida joylashgan. Korxona yiliga 117 ming tonna neftni qayta ishlab, benzin, kerosin, mazut, dizel yonilg‘isi va moylash materiallari ishlab chiqaradi.
Nashr eslatishicha, avvalroq O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda esa prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilov O‘zbekistondagi eng yirik avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i — UNG Petro’ni sotib olgan edi.
Sharhlar