Abdumalik Xaloqov: Professional boksga oʻtib, hamma kamarlarni birlashtirmoqchiman
Abdumalik Xaloqov havaskor boks bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasidagi yirik turnirlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, o‘zbek boksining yorqin namoyandalaridan biriga aylandi. Uning texnikasi mahalliy va xorijlik muxlislarni hayratda qoldirdi. MOQ 57 kg vazn toifasida ishtirok etgan Parij-2024 Olimpiadasi chempionidan intervyu olishga muvaffaq bo’ldi.
– Parijdagi oltin medalni ustozingizga sovgʻa qilganingiz haqidagi video qoʻyilgan edi. Bu haqiqatmi?
– Ha, rost. Ustozimga medal sovgʻa qilganimning sababi ular ham biz bilan bir xil mehnat qildilar. Men uchun murabbiylar ham medalga loyiq. Shu bois bilan 1-oktyabr kuni ularga medalimni sovgʻa qilishga qaror qildim.
— Olimpiadada g‘alabalarni yaqqol ustunlik bilan qo‘lga kiritdingiz, shuning uchun ham ko‘pchilik sizning g‘alabangiz qiyinchiliksiz qo‘lga kiritilgan deb o‘ylaydi. Bu haqda nima deya olasiz?
“Albatta, murabbiyim har bir raqibimni sinchiklab o‘rganib chiqdi va jang oldidan menga aniq ko‘rsatmalar va taktikalar berdi. Men o’zimga yuklatilgan vazifani bajardim, balki shuning uchun ham hamma musobaqa oson o’tdi deb o’ylagandir. Lekin aslida bunday emas. Biz g’alaba qozonish uchun 12 yil mehnat qildik. Balki tashqaridan men osonlik bilan g’alaba qozongandek tuyuladi, ammo o’sha paytda nimani his qilganimni bir o’zim bilaman. Hamma narsaning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor. Biz ana shu qiyinchiliklardan oʻtib oldik va shunday natijalarga keldik. Yengil janglar ortida ogʻir mehnat turibdi.
— Yangi olimpiya sikli uchun rejalaringiz qanday?
— Bizga 2 oy dam berishdi. Chunki 4 yil tinmay mehnat qildik. 1 haftadan soʻng taʼtil tugaydi va biz mashgʻulotlarga qaytamiz, yangi gʻalabalar sari intilmamiz. Hozir yoshlar va kattalar oʻrtasidagi Olimpiada chempioniman. Endi yana bir karra Olimpiada chempioni boʻlmoqchiman. Bundan tashqari, parallel ravishda professional boksda ham bir nechta jang oʻtkazish rejam bor. Los-Anjelesdagi Olimpiadadan keyin toʻliq prof boksga oʻtib, hamma kamarlarni birlashtirmoqchiman va oʻz vaznimda mutlaq chempion boʻlish niyatim bor.
Sharhlar