Toshkentda MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi
Joriy yilning 17-oktabr kuni Toshkent shahri yuridik diplomatiya markaziga aylanadi. O’zbekiston poytaxtida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashining 18-majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O’zbekiston adliya vazirlari ishtirok etadi
Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Shohida Yo‘ldosheva shu haqda ma’lumot berdi.
– MDHga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashi MDH Davlat rahbarlari kengashining 2005 yil 26 avgustdagi qarori bilan adliya vazirliklari hamkorligini muvofiqlashtirish va ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
Adliya vazirlari kengashining birinchi yig‘ilishi 2006 yil 12 aprelda Moskvada bo‘lib o‘tgan. 2006 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda kengash tomonidan 17 ta yig‘ilish o‘tkazilib, yuzdan ortiq qaror qabul qilingan.
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2019 yil 19 noyabrda kengash a’zoligiga kirdi. 2024 yil 1 yanvardan boshlab Adliya vaziri Akbar Toshqulov MDHga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashiga raislik qilmoqda.
16 oktabr kuni Toshkentda MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashi yig‘ilishidan oldin ekspertlarning ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O’zbekiston adliya vazirliklari vakillari ishtirok etadi. Ekspertlar Adliya vazirlari kengashimajlisi kun tartibida belgilangan qarorlar loyihalari va hujjatlarni muhokama qiladi.
MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashining 18-majlisi nafaqat qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish, balki milliy darajada qabul qilingan muvaffaqiyatli amaliyotlar va huquqiy yechimlar bilan o‘rtoqlashish imkoniyati sifatida qaralmoqda.
Kun tartibidan Hamdo‘stlik makonida huquqiy ma’rifat, jumladan, yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish, tarbiyalash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati sifatini oshirish, MDHga a’zo davlatlar adliya vazirliklari o‘rtasida axborot almashishning yagona elektron tizimini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli masalalar o‘rin olgan.
Bir qator muhim tashkiliy masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan. Xususan, Toshkentda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Adliya vazirlari kengashidagi raisligi yakunlari sarhisob qilinadi. Ilgari qabul qilingan qarorlar ijrosi ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga, kengashning 10 ta qarori, MDHga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy tadbirlar rejasini imzolash rejalashtirilgan.
MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashining 18-majlisi yakunlari bo‘yicha MDH adliya vazirliklarining 2024 yildagi o‘zaro hamkorligi tahlilini ko‘rib chiqish; kengash doirasida kelgusidagi hamkorlik uchun aniq istiqbolli takliflarni ishlab chiqish; 2025 yilda huquq va adliya sohasida amaliy ishlar va o‘zaro hamkorlikni belgilash kabilar kutilmoqda.
Axborot-huquqiy tizimlarni rivojlantirish va joriy etish, adliya tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish, MDHga a’zo davlatlar adliya vazirliklari o‘rtasida axborot almashishning yagona elektron tizimini yaratish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Sharhlar