Adolat SDP: “Davlat kompensatsiyasi to‘g‘risida” qonun qabul qilish tarafdorimiz
Mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida ko‘plab yangi kafolatlar belgilab berildi. Jumladan, Konstitutsiyaning 55-moddasida “har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega”ligi kafolatlandi.
Mazkur konstitutsiyaviy kafolatni amalga oshirish maqsadida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan “Davlat kompensatsiyasi to‘g‘risida” qonun qabul qilish taklif etilmoqda. Bu mansabdor shaxslarning noqonuniy harakati tufayli yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan bo‘lib, inson huquqlari oliy qadriyat, degan tamoyilga to‘la mos keladi.
Tan olish kerakki, so‘nggi vaqtlarda turli mansabdor shaxslarning noqonuniy hatti-harakatlari oqibatida ko‘plab insonlarga, tadbirkorlarga zarar yetmoqda. Shu yilning birinchi yarmida mingga yaqin mansabdorlarning xatti-harakatlari ma’muriy sudlar tomonidan qonunga xilof, deb topilgan.
Partiyamiz taklif etayotgan Qonun bir nechta asoslarga ko‘ra dolzarbdir.
Birinchidan, mazkur kafolatning ro‘yobga chiqarilishi huquqiy davlat konsepsiyasiga mos keladi (huquqiy davlatda inson huquq va erkinliklariga ta’sir ko‘rsatuvchi munosabatlar qonun bilan tartibga solinadi).
Ikkinchidan, qonun barcha uchun barobar ekanligi, ya’ni davlatning ham boshqalar kabi javobgarligi belgilanadi.
Uchinchidan, mazkur taklif ayrim amaldorlardan aziyat chekkan shaxslarning huquqlarini tiklashga huquqiy zamin yaratadi.
Sharhlar