“Adolat” SDP ijro hokimiyatida rahbarlarning kamida 30 foizi ayollar bo’lishi kerak
So‘nggi yillarda davlat boshqaruvi tizimida gender tengligini ta’minlash, ayniqsa, ijro hokimiyatida ayollarni rahbarlikka keng jalb etish dolzarb masalaga aylandi. Mamlakatimiz tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi.
Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. Jamiyatda ayollarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish ularni qaror qabul qilish jarayonida faol ishtirokini ta’minlashni taqozo etadi. Bunday maqsadlarga erishish uchun “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ijro hokimiyatida rahbarlarning kamida 30 foizi ayollar bo‘lishiga oid qoida kiritilishini taklif etmoqda.
Xorij tajribasiga nazar tashlasak, dunyo mamlakatlarida ayollarning rahbarlik rolini mustahkamlash uchun amalga oshirilgan islohotlarni kuzatishimiz mumkin.
Masalan, Shvetsiya, Norvegiya kabi mamlakatlarda 30 foiz yoki undan ko‘proq ayollar yuqori rahbarlik lavozimlarini egallaydi. Bu mamlakatlar ayollarning rahbarlikdagi ishtiroki orqali iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga erishgan.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyamiz ilgari surayotgan ushbu tashabbus jamiyatda gender tenglikni va ijtimoiy adolatni ta’minlash, ayollarning davlat boshqaruvidagi o‘rni va ishtirokini oshirishga xizmat qiladi.
Sharhlar