“Adolat” SDP jinoyatdan jabrlanganlarga ko‘maklashishni zamon talablariga monand ravishda takomillashtirish tarafdori
Bugungi kunda jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararni qoplash juda og‘riqli masalalardan biri hisoblanadi.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda faqatgina korrupsiyaviy jinoyatlar natijasida shaxs va davlat manfaatlariga 2 trln 43 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan bo‘lsa, shundan 1 trln 123 mlrd so‘mi (54 %) undirilgan. Barcha jinoyatlar misolida oladigan bo‘lsak bu raqamlar yanada kattalashadi.
Sudda aybdor deb topilgan shaxsdan jabrlanuvchi foydasiga moddiy zararni undirish jarayoni odatda uzoq vaqt talab qiladi, ba’zi holatlarda esa umuman imkonsiz. Bunday holatlarni inobatga olgan holda “Adolat” SDP jabrlanuvchiga jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zarar aybdordan undirilguniga qadar maxsus jamg‘armalar hisobidan qoplab berilishi amaliyotini joriy etish taklifni ilgari surmoqda.
Xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlansa, bu yo‘nalishda samarali mexanizmlar joriy etilganini ko‘rish mumkin. Masalan, Buyuk Britaniya, Kanada, AQSH va Avstraliya kabi davlatlarda jinoyat qurbonlariga moddiy hamda psixologik yordam berish uchun maxsus fondlar tashkil etilgan.
Partiyamiz taklif etayotgan jabrlanuvchilar uchun maxsus jamg‘armalar orqali moddiy zararni qoplash amaliyotini joriy etish jinoyat qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va ularning huquqlarini himoya qilish yo‘lida tashlangan katta qadam bo‘ladi, deb aytish mumkin.
*Reklama huquqi asosida
Sharhlar