“Adolat” SDP – “Sudyalar maqomi to‘g‘risida” Qonun ishlab chiqish tashabbuskori

Sudlarning xolis va mustaqil bo‘lishi fuqarolarning sud hokimiyatiga ishonchini yanada oshiradi, jamiyatda tinchlik va barqarorlik mustahkamlanadi.

“Adolat” SDP joriy yili bo‘lib o‘tajak saylovlar oldidan sudyalar huquqlarini yuqori darajada kafolatlash va ish yuklamalarini maqbullashtirish maqsadida “Sudyalar maqomi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda.

Xorijiy davlatlar tajribasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, Polsha, Rossiya, Germaniya, Yaponiya kabi davlatlarda sudyalar maqomiga oid qonunlar mavjudligiga guvoh bo‘lamiz.
“Sudyalar maqomi to‘g‘risida” Qonun qabul qilish zarurati quyidagi jihatlari bilan ahamiyatlidir:

– birinchidan, qonun sudyalarning aniq vazifalari, huquq va majburiyatlarini belgilab beradi;

– ikkinchidan, sudyalarning ish yuklamalari qonun asosida maqbullashtiriladi;

– uchinchidan, qonunda sudyalar lavozimga qanday tayinlanishi va ishdan qanday ozod qilinishi aniq tartibga solinadi;

– to‘rtinchidan, sudyalar o‘z faoliyatida har qanday tashqi ta’sirlardan himoyalanadi, qonun sudyalarning adolatli va mustaqil qarorlar qabul qilishiga to‘siq bo‘ladigan tashqi bosimlardan himoyani ta’minlaydi;

– beshinchidan, sudyalarga nisbatan ijtimoiy imtiyozlarning nazarda tutilishi ularning korrupsion faoliyatga aralashishlarining oldini oladi.

Partiyamiz tashabbusi bilan “Sudyalar maqomi to‘g‘risida” Qonunning qabul qilinishi sudyalar mustaqilligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlashga, shuningdek, sud ishlarini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

*Reklama huquqi asosida

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.