“Adolat” SDP: Tergovdagi shaxs ichki ishlar binosida vafot etsa, holat oshkora tergov qilinib, aybdor jazolanishi lozim
“Adolat” SDP Saylovoldi dasturida tergov ostidagi shaxs ichki ishlar binosida vafot etgan holatda har bir holatni oshkora tergov qilib, aybdorga nisbatan qat’iy javobgarlik ko‘rish tashabbusini ilgari surmoqda. Ushbu tashabbus doirasida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etilmoqda.
- qiynoqning oldini olish nodavlat-notijorat tashkilotini tuzish, uning ichki ishlar organlari bilan yaqin hamkorlikda ishlash mexanizmlarini belgilash;
- qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyatini sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish institutlari qo‘llanilmasligiga oid normani qonunchilikka kiritish;
- raqamli texnologiyalarni qo‘llash, xususan, fuqaroning ichki ishlar organi binosiga kirib kelishidan to chiqib ketguniga qadar bo‘lgan vaqtda videokuzatuv (bodkamera) nazorati ostida bo‘lishini ta’minlash;
- qiynoqning oldini olish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonunchilikka tatbiq etish.
“Partiyaning ushbu takliflari joriy etilishi asnosida ichki ishlar xodimlari tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘liq ta’minlanishiga erishiladi. Shuningdek, fuqarolarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga yo‘l qo‘yilishining oldi olinadi“, – deyiladi xabarda.
Ulashish:
Sharhlar