“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi davlat xaridlariga oid qonunchilikni takomillashtirishni taklif qilmoqda
Ma’lumki, davlat budjetidan maqsadli foydalanish, davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash, bu jarayonda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik oldimizda turgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning 57 foizi davlat xaridlari sohasidagi jinoyatlarga to‘g‘ri kelib, bu dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga har yili 1 trln AQSH dollari miqdorida zarar keltiradi. Davlat xaridlari sohasidagi qing‘irliklar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 2019 yilda 36 ta tashkilot tomonidan 45,1 mlrd so‘m zarar yetkazilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu 29 baravarga oshgani holda 2 885 ta tashkilot tomonidan 1,3 trln so‘m zarar yetkazilgan.
“Adolat” SDP shu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, Saylovoldi dasturida budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish maqsadida davlat xaridlariga oid qonunchilikni takomillashtirishni taklif qilmoqda.
Mazkur tashabbus asosida davlat xaridlariga oid qonunchilikni takomillashtirishda davlat xaridlariga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish bilan bog‘liq istisno normalar hamda berilgan turli imtiyoz va preferensiyalarni qayta ko‘rib chiqib, uni faqatgina qonun bilan belgilash tartibini joriy etish kabi takliflar bildirilmoqda.
Mazkur takliflar asosida qonunchilikning takomillashtirilishi davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Sharhlar