Aeroportda 1 yarim mlrd so‘mlik tilla soatni olib o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi
24-avgust kuni soat 02:40 larda “Islom Karimov” nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan “Dubay-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tegishli tartibda tekshirildi.
Natijada unga tegishli bo‘lgan qo‘l sumkasi ichidan bojxona nazoratiga belgilangan tartibda taqdim etilmagan, deklaratsiyalanmagan, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirish me’yoridan ortiq bo‘lgan, qiymati 1 mlrd 540 mln 260 ming so‘mlik 1 dona sariq rangli metalldan yasalgan, oq rangli toshlar bilan bezatilgan “Patek Philippe Geneve” yozuvli qo‘l soati borligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Qonunda jismoniy shaxslarga og‘irligi 200 grammgacha bo‘lgan kumushdan hamda 65 grammgacha bo‘lgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, ushbu miqdorlardan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.
Mazkur tartibni buzgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 227 19-moddasi bilan javobgarlikka tortiladi.
Sharhlar