Afg‘onistonda «Jihod qadriyatlarini saqlash» bo‘yicha yangi boshqarma tashkil etildi

Foto: ochiq manba

Afg‘onistonning Axborot va madaniyat vazirligi bu hafta mamlakatda Jihod qadriyatlarini saqlash boshqarmasi tashkil etilganini e’lon qildi.

Axborot va madaniyat bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi Xayrulloh Xayrxo‘ ma’lum qilishicha, ushbu boshqarma jihod qadriyatlari va uning tarixini saqlab qolish vazifasini bajaradi.

Boshqarmaning asosiy vazifalari:

  1. Audiovizual materiallar ishlab chiqarish: Jihod qadriyatlari va tarixini yorituvchi materiallar tayyorlash.
  2. “Jihod muzeyi” tashkil etish: Afg‘onistonning Britaniya, Sovet Ittifoqi va AQSh bilan bo‘lgan urushlaridan qolgan tarixiy ashyolarni yig‘ish va arxivlash.
  3. Tarixiy voqealarni hujjatlashtirish: Jihodga oid tarixiy voqealarni izchil ravishda yozib borish.

Xayrxo‘ning so‘zlariga ko‘ra, jihod muzeyi nafaqat poytaxt Kobulda, balki boshqa viloyatlarda ham tashkil etiladi. Ushbu muzeylarda jihod bilan bog‘liq asarlar yig‘iladi va namoyish etiladi.

Loyihaning maqsadi jihod tarixini kelajak avlodlarga yetkazish va Afg‘onistonning xorijiy kuchlarga qarshi mustaqillik uchun olib borgan kurashini yoritish deyiladi xabarlarda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.