Abdulla Aripov Afg‘oniston delegatsiyasi bilan uchrashdi
Ayni kunlarda Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiya O’zbekistonda bo‘lib turibdi, deb xabar beradi hukumat portali. Delegatsiya tarkibida 300 nafarga yaqin afg‘onistonlik tadbirkorlar va ishbilarmonlar o‘rin olgan.
3-iyul kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘oniston delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslanib, rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, transport-logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishdi. O’zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Afg‘oniston delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi 6-iyulga qadar davom etadi. Tashrif doirasida bir qator vazirlik va idoralar bilan uchrashuvlar, ikki tomonlama biznes-forum hamda Afg‘oniston mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, mehmonlar Toshkent va Samarqand shaharlaridagi qator ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyuradi hamda xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.
Sharhlar