Aholi soni kichik bo‘lgan mahallalarning “Tashabbusli byudjet”da g’olib bo’lishi uchun imkoniyat yaratiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024-yil 11-iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qo‘chqorovga “Tashabbusli byudjet asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirish va ularning natijadorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilgan edi.
Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqdilar.
Parlament so‘rovi javobida keltirilishicha, fuqarolar takliflar asosida shakllangan “Tashabbusli budjet” loyihasini yanada takomillashtirish, ilg‘or axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda aholining faol ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Tashabbusli budjet jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida ovoz berish bosqichini haqqoniy o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida joriy yil birinchi mavsumdan boshlab “Bir fuqaro-bir ovoz” tamoyili joriy etildi. Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida “Ochiq budjet” portalining “Android” va “IOS” tizimlarida ishlaydigan mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, ovoz berish imkoniyatini beruvchi “Telegram” botlar ishga tushirildi. Fuqarolarga g‘olib loyihalarni moliyalashtirish holatini real-vaqt ko‘rinishda kuzatib borish imkoniyati (xronologiya bo‘limi) joriy etildi.
Bundan tashqari, keng jamoatchilik va deputatlarning takliflarini inobatga olib amaldagi tartibga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda:
- aholi soni kichik bo‘lgan mahallalarning g‘olib bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida doimiy tarzda g‘olib bo‘lib kelayotgan mahalla(tashkilot)larga tanaffus e’lon qilish amaliyotini joriy etish;
- xodimlarni majburiy ovoz to‘plashga jalb etish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ovoz berish bosqichi muddatini 10 kunga kamaytirish, majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni g‘olib loyihalar ro‘yxatidan chetlatish amaliyotini joriy etish;
- xalq deputatlari hududiy kengashlarining vakolatlarini kengaytirish maqsadida tuman (shahar) budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratish hisobiga g‘olib bo‘lmagan loyihalarni qo‘shimcha g‘olib sifatida e’lon qilish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda. Ushbu hujjat loyihasi ishlab chiqilib ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis Senatiga taqdim etilgan.
Sharhlar