Aholining yashash hududlariga kirib qolgan yovvoyi hayvonlarni himoyalash bo‘yicha loyiha muhokama qilinmoqda
Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Yovvoyi hayvonlarni tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitga tushib qolganda himoya qilish, qutqarish va jonsizlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Loyiha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Unda aytilishicha, so‘nggi vaqtlarda yovvoyi hayvonlarning aholi punktlari va boshqa hududlarga turli sabablar bilan kelib qolish holatlari qayd etilmoqda. Buning oqibatida yovvoyi hayvonlar tomonidan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda mol-mulkiga, yovvoyi hayvonlarning hayotiga ham zarar yetkazilishi xavfi ortib, ularning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
Misol tariqasida 2024-yil 15-may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Jannatmakon” MFY hududiga kelib qolgan ayiq IIB xodimiga jarohat yetkazgani, maktabga kirib, o‘quvchilar hayotiga xavf solgani uchun otib o‘ldirilgani keltirilgan.
“Bu kabi holatlarning tahlili, yovvoyi hayvonlarni tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitiga tushib qolganda, aholi punktlariga kirib qolganda ularni himoya qilish va qutqarish, veterinariya yordami ko‘rsatish hamda yovvoyi hayvonlardan fuqarolarning sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish borasida davlat organlari xodimlarining harakatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, bu kabi holatlarda fuqarolarning o‘zlarini qanday tutishlari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqilishini toqazo etmoqda”, — deyiladi loyiha tahlilida.
Mazkur loyiha muhokamasi 27-iyunga qadar davom etadi.
Sharhlar