Aka-uka Usuvaliyevlarga bog’liq holatga sud hukmi o’qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda aka-uka Usuvaliyevlar va inspektor o’rtasida kelishmovchilik kelib chiqqanligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holatga doir jinoyat ishi yuzasidan Farg’ona viloyati sudlari tomonidan ma’lumot berdi.
Xabarga ko’ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudi tomonidan 2024-yil 27-iyun kuni Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi, 227-moddasi 1-qismi bilan ayblangan Farhodjon va Bunyodbek Usivaliyevlarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Sud sudlanuvchilar muqaddam sudlanmaganligini, aybiga to‘liq iqror, pushaymonligini, har ikki sudlanuvchining oilaviy sharoitini, har ikkisining qaramog‘ida 3 nafardan voyaga yetmagan farzandi borligini, jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligi va yengillik berish haqidagi fikrlarini inobatga olgan.
Shuningdek, sud tomonidan jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmaganligi, mazkur jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi e’tiborga olinib, har ikki sudlanuvchiga nisbatan qonun sanksiyasida belgilangan doirada (3 yildan) ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Sud hukmi ustidan taraflar tomonidan shikoyat yoki prokuror tomonidan protest keltirilmagan. Hukm 2024-yil 11-iyuldan qonuniy kuchga kirgan va sudlanuvchilarning yashash joyidagi IIBga jazoni ijro qilish uchun yuborilganligi ma’lum qilindi.
Sharhlar