Hindiston O‘zbekistonda elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi
O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning yetakchi kompaniyalaridan biri – “KLJ Group” boshqaruvchi direktori Hemant Jain bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalari, sanoat va ishlab chiqarish tarmoqlari, jumladan, kimyo va neft-kimyo sohasida erishilgan yutuqlar haqida so‘zlab berildi. Xorijlik hamkorlar va investorlar faoliyati uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, taqdim etilayotgan imtiyozlar va preferensiyalar samarasida iqtisodiyotning turli jabhalarida hayotga tadbiq etilayotgan qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Hemant Jain O’zbekistondagi tarixiy o‘zgarishlar jarayonidan yaxshi xabardorligini bildirib, elektr avtomobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarish, issiqlik elektr stansiyalari barpo etish va boshqa o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda birgalikdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tomonlar, shuningdek, o‘zaro munosabatlarning boshqa istiqbollari yo‘nalishlari yuzasidan ham fikr almashdi.
“KLJ Group” guruhi kimyo va neft-kimyo mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, iste’mol yog‘i va boshqa yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya Hindistondan tashqari Qatar va Tailandda sanoat korxonalari faoliyatini tashkil qilgan.
Sharhlar