“Qo‘yliq” bozori aksiyadorlari bozorning ixtiyoriy tugatilishiga qarshi bo‘lgan — mutaxassis
2024-yil 31-yanvar kuni o‘tkazilgan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida “Toshkent qishloq xo‘jalik maxsulotlari ulgurji bozori” (“Qo‘yliq” bozori) AJ aksiyadorlari bozorni ixtiyoriy tugatish haqidagi masalaga 100% qarshi ovoz berishgan. Bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z Telegram-kanalida yozmoqda.
Bundan tashqari, bozor kuzatuv kengashining 2024-yil 24-yanvardagi qarori bilan nominal qiymati 53,9 mlrd.so‘mlik 36 397 681 dona aksiya chiqariluvi ma’qullangan va 28-fevral kuni ushbu chiqariluv davlat ro‘yxatidan o‘tgan.
“Tasavvur qilayapsizmi? Tugatilishidan bir kun avval aksiyalar chiqariluvi ro‘yxatdan o‘tayapti. Tugatilmoqchi bo‘lgan jamiyat qo‘shimcha aksiya chiqaradimi? Aksiyalar chiqariluvini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadimi?” — deb yozadi mutaxassis.
Bozor o‘z faoliyatini ixtiyoriy tugatayotganligi to‘g‘risidagi qaror 29-fevral kuni qabul qilingan va oradan 12 kun o‘tib e’lon qilingan. Lekin bu qaror bilan 24-yanvardagi ixtiyoriy tugatilishga qarshilik aks etgan qaror bekor qilinmagan.
“Kichik xulosa qilganda, “Qo‘yliq bozori”ning apil-tapil tugatilishi barcha belgilariga ko‘ra aksiyadorlarning va bozor boshqaruvchilarining qarori emas. Bu qip-qizil ma’muriy bosim ostidagi o‘zbilarmonlik va masalaga jiddiy yondashilsa, bir necha protseduralar buzilganini ham aniqlash mumkin bo‘ladi”, — deydi Bakirov.
Uning ta’kidlashicha, yuzlab qarz va kreditlar ilingan va bankrotlik yoqasida bo‘lgan va zarar ko‘rib ishlayotgan AJ lardan farqli ravishda “Qo‘yliq bozori” moliyaviy holati juda mustahkam bo‘lgan, 43 mlrd. so‘mdan ortiq jami aktivlarining 99%dan ziyod manbai o‘z kapitaliga tayangan.
““Qo‘yliq”ning kunpayakun qilinishi O’zbekistonda mulkdorlar va aksiyadorlar huquqi manfiy qiymatga ega ekanini yana bir bor isbotladi. Oligarxlar bilan kelishib olgan bir to‘p chinovniklar istasa, siz bu huquqdan bir kunda mahrum bo‘lasiz. Bunday muhit va makonda faqat o‘g‘ridan-o‘g‘ri investorlar o‘zini baliqdek his etadi”, — deya xulosa qiladi iqtisodchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” AJ 2024-yil 29-fevraldan jamiyat aksiyadorlarining 2024-yil 29-fevraldagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi qaroriga ko‘ra ixtiyoriy tugatilayotgani xabar berilgan edi.
Avvalroq, nashrimiz “Bozor buzilishiga hayratlanib qarayotgan toshkentliklar, Qo‘yliqdagi ulgurji savdo markazi boshqa joyga ko‘chirildi” hamda “Jurnalist va kameraga tashlangan bozor qo‘riqchisi, ishsiz qolayotganlar va fuqarolarning “faryodi” – Anhor.uz reportajida” mavzularida surishtiruvlarni taqdim qilgandi.
Sharhlar