Aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Glinka ko‘chasidagi savdo do‘koni sotuvchisi Z.Q. xaridorga 2 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo do‘konida savdoga qo‘yilgan xorijda ishlab chiqarilgan turli nomdagi jami 6 547 quti aksiz markasi tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Yozyovon tumani bo‘limi va DXXning chegara qo‘shinlari xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan Sh.X. va boshqalar xorijda ishlab chiqarilgan O‘zbekiston Respublikasi aksiz markasi bilan markalanmagan umumiy bahosi 51,7 mln so‘mlik jami 2 250 quti “Esse Change” nomli tamaki mahsulotini sotish maqsadida Farg‘ona tumani hududiga olib kelgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Sharhlar