Toshkent shahar hokimligida Alibaba.com bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Foto: Toshkent shahar hokimligi

30-iyul kuni Toshkent shahar hokimligida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azizxon Shavkatov, “Toshkent Invest Kompaniyasi” AJ strategik masalalar bo‘yicha direktori Rustam Qodirov, shuningdek, “Alibaba.com” korporatsiyasining global biznesni rivojlantirish departamenti rahbari Chjou Deniyel, “NEOUZ Global Service Partner of Alibaba.com” kompaniyasining O‘zbekistondagi moliyaviy direktori Shuhrat To‘xtayev, “Alibaba.com” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Elbek Xolmatov ishtirok etdi.

Azizxon Shavkatov Toshkentdagi qulay investitsiya muhiti haqida batafsil to‘xtalib, so’nggi yillarda investitsiyalar va eksport hajmi sezilarli o‘sganini ta’kidladi. U takliflarni eshitish va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida, Chjou Deniyel “Alibaba.com”ning imkoniyatlari va salohiyatini taqdim etdi, shuningdek, O‘zbekiston bozoriga chiqishdan manfaatdorligini bildirdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro manfaatdorlik va uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini ifodalovchi muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.