Alisher Abdusalomov O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi yangi elchisi etib tayinlandi
O‘zbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor elchisi Alisher Abdusalomov bugun tongda Koreya Respublikasi poytaxtiga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
U Seulga tayinlanishidan avval O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Kotibiyatiga rahbarlik qilgan.
Diplomat 40 yoshda. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va Janubiy Koreyaning Kyong-Xi universitetini bitirgan.
Alisher Abdusalomov kasbiy faoliyatini O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) boshlab, yetakchi mutaxassislikdan Bosh boshqarma boshlig‘igacha bo’lgan yo‘lni bosib o’tgan. Uning faoliyatida diplomatik xizmat ham muhim o’rin tutadi. Xususan, u 2013-2016-yillarda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo’yicha maslahatchi, 2018-2024-yillarda esa Janubiy Koreyada ham ushbu lavozimda ishlagan.
Alisher Abdusalomov 1995-yildan 2024-yilgacha qisqa tanaffus bilan O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Vitaliy Fen o’rniga tayinlandi.
Yangi elchi o‘zaro hamkorlikning iqtisodiy, madaniy va diplomatik jihatlariga e’tibor qaratgan holda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni davom ettirish niyatida.
Sharhlar