Anqarada Alisher Navoiy haykali ochildi
Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi tadbirlari doirasida Anqara shahri Kechio‘ren tumanida Alisher Navoiy haykalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda Kechio‘ren tumani tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda, Turkiya Tashqi ishlari vazirligi, TURKSOY tashkiloti, Anqara shahri va tumanlari hokimliklari vakillari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, navoiyshunos va tilshunos olimlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda nutq so‘zlagan elchi Alisher A’zamxo‘jayev Alisher Navoiy haykalining o‘rnatilishida hissa qo‘shganlar, jumladan, Kechio‘ren tumani hokimligi hamda Bashkent universiteti Alisher Navoiy tadqiqot markazi rahbari Abdurahmon Go‘zalga alohida minnatdorlik bildirdi.
“Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk bobomizning boy va serqirra merosini chuqur o‘rganish, uning barhayot fikr-g‘oyalarini yurtimiz va xorijda keng targ‘ib qilish borasida beqiyos ishlar amalga oshirildi. Bu borada 2020-yilda davlatimiz rahbarining qarori qabul qilindi. Shuningdek, O’zbekiston Prezidenti takliflari bilan 2021-yilda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Alisher Navoiy xalqaro mukofoti ta’sis etildi. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tuzildi. Kelgusi yillarda xorijiy davlatlarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarimizni keng ommalashtirish maqsadida, Alisher Navoiy xalqaro instituti va uning xorijdagi filiallarini ochish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar Moskva, Dushanbe, Ostona, Tokio, Minsk, Shanxay, Seul va Boku shaharlarida Alisher Navoiy haykallari o‘rnatilgan. Binobarin, Anqarada buyuk ajdodimizning ulug‘vor haykalining ochilishi nafaqat bizlar uchun, balki Turkiyadagi barcha birodarlarimiz, hattoki butun turkiy dunyodagi qardoshlarimiz uchun katta sharaf ekaniga chin dildan ishonaman”, — dedi elchi.
Tadbir davomida Alisher Navoiy ruboiy va g‘azallaridan namunalar o‘qib berildi.
Sharhlar