Alkogol va tamaki bozorini raqamlashtirish jadallashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi PF–84-son Farmonida alkogol va tamaki ishlab chiqarish sohasini yil yakuniga qadar to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Departament qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan tashkilot xodimlari bilan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda aksiz markalarni qalbakilashtirishga chek qo‘yish maqsadida uning himoya darajasini oshirish usullari hamda aksiz markalar hisobi va harakatini kuzatish imkonini beruvchi axborot tizimini faoliyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
“Shuningdek, etil spirti va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish va aylanmasi hajmini hisobga olish tizimini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi onlayn axborot tizimi bo‘yicha taqdimotlar bilan ham tanishildi”, – deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda respublikamizda 7 ta iste’mol va texnik etil spirti, ishlab chiqaruvchi, 74 ta alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, 15 ta uzumni birlamchi qayta ishlovchi hamda 2 ta tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi hamda 149 ta alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda.
Yig‘ilishda Inspeksiya boshlig‘i sohani raqamlashtirishda alkogol va tamaki mahsulotlari harakati zanjirini to‘liq monitoring qilish, soliq tushumlari ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatish hamda sohadagi xavflarni tahlil qilish imkonini beruvchi yagona axborot tizimini yaratish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.
Yig‘ilish so‘ngida soha xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar kelishib olindi.
Sharhlar