Andijon shahar sobiq hokimi qamoqxonada vafot etishi sabablari ma’lum qilindi
Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov 5-martga o‘tar kechasi oʻzi davolanayotgan IIV Jazoni ijro etish departamentining Toshkent shahridagi mahkumlar kasalxonasida vafot etgan. Bu haqda “Gazeta.uz” Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.
Asosiy tashxis: yurak ishemik kasalligi, stenokardiya (funksional sinf 3-darajasi), infarktdan keyingi kardioskleroz, koronar qon tomirlar stendlash operatsiyasidan keyingi holat, gipertoniya kasalligi III bosqich, arterial gipertenziya-III, xavf-IV (oʻta yuqori).
Hozirda shahar maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.
Avvalroq 2022-yil dekabrida 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Andijon shahar sobiq hokimi Bahrom Haydarov vafot etgani xabar berilgan edi.
2017-yildan 2019-yil oktabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida moliyaviy jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanib, shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari bilan 2022-yilning 6-iyun kuni hibsga olingan.
2022-yil dekabrida Bahrom Haydarov 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. U Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-modda 3-qismining «a» va «v» bandlari («bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib o‘ta yirik miqdorda o‘g‘irlik qilish»), 209-moddasi 2-qismi («uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab mansab soxtakorligini amalga oshirish») va 243-moddasi («Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish») bilan aybdor deb topilgan.
Sharhlar