Andijonda darsga kechikib kelgan o‘quvchi qizlar o‘tirib-turishga majburlandi
Andijon maktablaridan birida darsga kechikkan qizlarni o‘tirib-turishga majbur qilishgan. Bolalar ombudsmani bu holatni bolaning konstitutsiyaviy huquqlarining buzilishi deb atadi.
Voqea Andijon shahridagi 5-maktabda sodir bo‘lgan. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchi qizlarning o‘tirib-turayotgani aks etgan video tarqalib ketgan edi. Guvohlarning aytishicha, bu yagona hodisa emas. Maktab direktori kech qolgan o‘quvchilarga nisbatan shunday jazolash usullarini muntazam qo‘llaydi.
Bolalar ombudsmani matbuot xizmati hozirda ushbu holat o‘rganilayotganini ta’kidladi.
“Ta’lim tartib-qoidalaridan chetga chiqish, o‘quvchilarga nisbatan turli jazo usullarini qo‘llash, bolani ommaviy ravishda kamsitish uning qadr-qimmatiga putur yetkazish – bu bolaning konstitutsiyaviy huquqlarini buzish hisoblanadi. Bunday nomaqbul harakatlar javobsiz qolishi mumkin emas”, – deyiladi xabarda.
Sharhlar