Antibiotik chiqindilar xavfini kamaytirish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqildi
Dori-darmonlarga chidamli bakteriyalar yiliga dunyo bo‘yicha 5 million kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Agar zarur profilaktik choralar ko‘rilmasa, 2050 borib mazkur ko‘rsatkich 10 millionga yetishi mumkin.
Bunday o‘sish dinamikasida antibiotiklarni ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan farmatsevtika chiqindilarining ham sezilarli ta’siri bor.
Chunki ushbu turdagi chiqindilar nafaqat atrof-muhit ifloslanishi, balki mavjud preparatlarga chidamli mikroblar paydo bo‘lishi hamda ularning mutatsiyaga uchrashi uchun sharoit yaratadi.
Shuni hisobga olib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xalqaro ekspertlar guruhi, ilmiy doiralar va nazorat organlari vakillari bilan hamkorlikda antibiotik chiqindilarini boshqarishga doir ilk qo‘llanmani ishlab chiqdi.
Undan bakteriyalarga qarshi preparatlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, nazorat qiluvchi organlar va ekologiya inspektorlari uchun qator tavsiyalar o‘rin olgan.
Qolaversa, qo‘llanma orqali oddiy iste’molchilar ham foydalanilmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan yoki noto‘g‘ri saqlangan antibiotiklarni qanday utilizatsiya qilish bo‘yicha aniq ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin.
Sharhlar