Qashqadaryoda respublikada yagona “aqlli” suv tarqatish shoxobchasi ish boshladi
O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Qarshi shahrida respublikada birinchilardan bo‘lib “aqlli” suv tarqatish shoxobchasi ish boshladi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Obyektni foydalanishga topshirish marosimida Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov, sektorlar rahbarlari, tegishli soha vakillari ishtirok etdi.
Aqlli suv tarqatish shoxobchasining afzalliklari nimalardan iborat?
“Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ mutaxassislarining ma’lum qilishicha, ilgari bu kabi shoxobchalar tartibsiz ishlatilgan, ya’ni suv quyuvchi gusaklardan qancha suv olinayotgani, qancha narxga sotilayotganini hisob-kitobi yuritilmagan.
Endi esa bu jarayon avtomatlashgan holatda 24 soat davomida ishlaydi. Eng muhimi, shoxobchasidagi gusaklar inson omilisiz ishlaydi. Bunda suv tashuvchi smartfoniga o‘rnatib olingan maxsus mobil ilova orqali tanlagan kolonkasiga kelib, o‘ziga kerakli suv miqdorini belgilaydi. Tabloda suv miqdori, so‘mmasi ko‘rinadi va start tugmasini takror bosgandan keyin kerakli suv miqdori quvur orqali mijozga yetkazib beriladi.
Loyiha qiymati 3 milliard so‘mni tashkil qilgan energiya tejamkor mazkur loyiha Qarshi shahrida respublikada birinchi bo‘lib amalga oshirilgan. Bu esa shoxobchadan tashib ketilayotgan suvning aniq hisob-kitobini yuritish, tushayotgan mablag‘larni ham to‘liq nazorat qilish imkonini beradi.
Shuningdek, tadbir davomida “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJning hududiy filiallariga avariya-tiklash brigadalari uchun maxsus jihozlangan 14 ta “DAMAS-VAN” rusumli avtomashinalar va Qarshi shahar filialiga bir dona ekskavator topshirildi.
Sharhlar