46 yoshli Skott Benett, AQSh armiyasining sobiq ofitseri va so‘nggi yillarda RT tahririyatida ishlagan jurnalist, jigar kasalligi oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, uning o‘limi kasallik sabab yuz bergan bo‘lsa-da, Rossiya propagandachisi Margarita Simonyan Benett o‘zining faoliyati tufayli o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Simonyan o‘zining Telegram-kanalida shunday yozgan:
“Skott Kiyevning Belgorod viloyatida sodir etgan jinoyatlari haqida hisobotini Kongressga yuborganidan so‘ng, do‘stlariga o‘z joniga qasd qilish niyatida emasligini aytgan edi. Agar unga biror narsa bo‘lsa, bu tasodif emas. U o‘zini yaxshi his etayotgan edi, ikki hafta oldin ham sog‘lom ko‘rinardi. Endi esa, hech qanday tashxis qo‘yilmagan bo‘lsa-da, jigar kasalligi tufayli vafot etdi.”
Benett ilgari AQSh prezidenti Jorj Bushning administratsiyasida xizmat qilgan.
2023 yilda Benett “NATO ofitserining tavbasi” nomli hujjatli film qahramoniga aylangan va undan keyin Donbassga borib, RT uchun “Amerikalik ofitserning front kundaligi” nomli reportaj tayyorlagan edi.
Joriy yil mart oyida, Qizil maydonda turgan Benett, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, Rossiya fuqaroligini so‘ragan edi. U o‘zining diplomatik va razvedka sohasidagi tajribasi yordamida Rossiyaga ko‘mak berishni maqsad qilganini aytgan.
Hozircha uning o‘limi atrofida tarqalgan taxminlar rasmiy organlar tomonidan tasdiqlanganicha yo‘q.
Sharhlar