Donald Tramp AQSh moliya vaziri lavozimiga milliarder va maslahatchisi Skott Bessentni ko‘rsatdi. Tramp uni “kapital bozorlarining erkinligini va barqarorligini tiklaydigan, xususiy sektorni rivojlantiradigan rahbar” deb ta’rifladi. Bu haqida BBC xabar bermoqda.
Bessent o’zi kim?
Janubiy Karolinada tug‘ilgan Bessent Yel universitetini bitirgan va faoliyatini investitsiya sohasida boshlagan. U 1990-yillarda Jorj Soros bilan valyuta operatsiyalarida muvaffaqiyat qozongan. 2015-yilda o‘zining Key Square Capital Management fondiga asos solgan.
Avval Demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlagan Bessent 2024-yilda Trampning iqtisodiy dasturini qo‘llab, “deregulatsiya, arzon energiya va past soliqlar orqali yangi oltin davr” va’da qilganiga ishondi.
Bessent Tramp davridagi soliq imtiyozlarini saqlab qolish va savdo siyosatini muvofiqlashtirishga diqqat qaratadi. Shuningdek, Rossiyaga qarshi sanktsiyalar va bozor barqarorligini ta’minlash uning zimmasiga yuklanadi.
Bessent ochiqchasiga kriptovalyutalarni qo‘llab-quvvatlaydi va ularni “erkinlik” deb ataydi. Agar tasdiqlansa, u AQSh moliya vaziri lavozimida kripto sanoatini qo‘llovchi birinchi shaxs bo‘ladi.
Yangi vazirga soliq tizimi, savdo siyosati va inflyatsiya nazorati kabi muhim masalalar bilan shug‘ullanish talab etiladi.
Sharhlar