AQSh Sherdor madrasasi bo‘yicha loyihaga 500 ming dollar taqdim etadi
AQSh elchisi jamg‘armasi Samarqand shahridagi Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasi fasadini saqlab qolish uchun madaniy merosni asrash loyihasiga 500 ming dollar ajratadi, deya xabar beradi Amerikaning О‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati
Madaniy meros milliy agentligi tomonidan taqdim etilgan taklif global tanlov doirasida tanlab olindi va 2024-yilda 71 davlat ishtirok etgan va 149 ta taklifni bergan grant tanlovi tarixidagi О‘zbekiston uchun eng yirik taklif hisoblanadi.
Sherdor madrasasini konservatsiya qilish loyihasi Xalqaro Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti (IICAS)ning texnik ko‘magida amalga oshiriladi. Xorijiy mutaxassislar maslahatchi sifatida taklif etiladi.
“Biz tarixiy Registon maydonidagi go‘zal va betakror Sherdor madrasasini qayta tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘lganimizdan mamnunmiz, bu sa’y-harakatlar ushbu muhim obidani ko‘p avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishga yordam beradi”, – deydi AQShning О‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik.
Ushbu grant AQSh elchisining Madaniy merosni asrash jamg‘armasi (AFCP) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan 14-loyiha bo‘lib, bugungi kunga qadar mamlakat uchun 1,35 million dollarga yaqin mablag‘ ajratgan.
Sharhlar