AQSHda “O‘zbekiston kuni” bo’lib o’tdi
O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasi AQSH Kongressining “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” bilan hamkorlikda “O‘zbekiston kuni” o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham ishtirok etdi.
S.Safoyev Prezident boshchiligida mamlakat hayotining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va demokratik o‘zgarishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ortga qaytmasligi va kelajakda ularni yana-da jadallashtirish rejalari qatʼiy ekanligi alohida taʼkidlandi.
O‘zbekiston hukumatining ustuvor vazifasi investitsiya muhitini doimiy ravishda yaxshilashdan iborat, chunki mamlakat milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etishdan manfaatdor.
O‘z navbatida, tadbirda so‘zga chiqqan kongressmenlar, senatorlar va AQSH maʼmuriyati anʼanaviy tarzda o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston kuni” tadbirining ana shunday yuksak tashkiliy va mazmuniy saviyada o‘tkazilishini olqishladi.
Shuningdek, ushbu tadbir O‘zbekiston-AQSH parlamentlararo hamkorligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Mazkur tashabbus amerikalik siyosatchilar va ishbilarmon doira vakillari uchun O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSH kompaniyalari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari sezilarli darajada faollashgani, respublika iqtisodiyotiga Amerika investitsiyalari oqimining jadal o‘sganini, shuningdek, qo‘shma va to‘liq Amerika sarmoyasi asosida tashkil etilgan korxonalar soni ko‘payganini taʼkidlab o‘tdi.
Sharhlar