AQShda «Sound Bubble» nomli sun’iy intellektli eshitish vositasi yaratildi
Vashington universiteti olimlari sun’iy intellekt texnologiyasiga asoslangan yangi turdagi eshitish vositasini — Sound Bubble (“Tovush pufagi”) ni ishlab chiqdi. Ushbu qurilma foydalanuvchining atrofida 1,8 metr radiusli “tovush pufagi” hosil qiladi, uning ichida yaqin tovushlar kuchaytiriladi, uzoqdagi ovozlar esa deyarli eshitilmaydi. Bu foydalanuvchilarga hatto shovqinli joylarda ham suhbatlashishda qulaylik yaratadi.
Qurilmaning imkoniyatlari
Eshitish vositasida oltita mikrofon va sun’iy intellekt boshqaruvida ishlaydigan kichik kompyuter o‘rnatilgan. SI foydalanuvchiga yaqin tovushlarni aniqlab, ularni kuchaytiradi, uzoqdagi ovozlarni esa 49 detsibelgacha pasaytiradi (bu vakuum va yaproq shitirlaganidagi farqga teng). Qurilma tovushlarni real vaqt rejimida, 8 millisekund ichida qayta ishlaydi.
Tadqiqotchilar yangi texnologiyani quyidagicha tasvirlaydi:
“Ofisda ishlayotganda yoki restoran kabi shovqinli joylarda siz yaqin odamlarga e’tibor qaratishingiz, atrofdagi keraksiz ovozlardan xoli bo‘lishingiz mumkin. Masalan, hamkasbingiz savol bersa, siz naushnikni yechmasdan, uni aniq eshitasiz”.
Hozircha Sound Bubble faqat yopiq makonlarda ishlashga mo‘ljallangan. Ochiq joylarda “tovush pufagi”ni barqaror hosil qilish texnologiyasi hali ishlab chiqilmagan.
Vashington universiteti avvalroq Target Speech Hearing (maqsadli eshitish) nomli qurilmani yaratgan edi. Unda foydalanuvchi 3-5 soniya davomida suhbatdoshi bilan ko‘z muloqoti qilgandan keyin, atrofdagi barcha ovozlar bloklanib, faqat u gapirayotgan odamning ovozi eshitiladi.
Sharhlar