Namanganda bemorning qornida doka va qo‘lqop qolib ketgani haqidagi xabarlar asossiz bo‘lib chiqdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Chortoq tumanida kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilgan ayol qornida tibbiy doka va rezina qo‘lqop qolib ketgani haqida tarqalgan xabarlardan so‘ng ushbu holat Cog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olinib, vaziyatga zudlik bilan aniqlik kiritish maqsadida tegishli Ishchi guruh Namangan viloyatiga yuborilgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh akusher-ginekologi, tibbiyot fanlari doktori L.Abdullayeva boshchiligidagi malakali mutaxassislar guruhi tomonidan dastlabki o‘rganishlar olib borildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 11-may kuni soat chamasi 09:00 larda Chortoq tumani, “Alixon” MFYda istiqomat qiluvchi 33 yoshli fuqaro B.U. tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish maqsadida kelgan.
O’tkazilgan dastlabki tibbiy tekshiruvlardan so‘ng ayolga “3-Homiladorlik. 39-hafta, 3 kun. Bachadon chandig‘i. Kamqonlik o‘rta darajasi. AAA (2 marta kesar kesish)” tashxisi qo‘yilib, tug‘ruqxonaga yotqizilgan. Shundan so‘ng bemor holati haqida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyat filialiga xabar berilib, davolash jarayonlari uchun mazkur muassasadan mutaxassis chaqirilgan.
Shu kuni soat chamasi 15:40 larda tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq ayolda filial ginekologiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori T.Abdukarimov va tug‘uruqxona bo‘limi mudiri X.Abidova tomonidan kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan. Jarrohlik jarayoni sanitariya qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda va tegishli standartlar asosida amalga oshirilgan.
Operatsiya davomida ayol roziligi bilan IJK (ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi) qilingan. Amaliyot asoratsiz o‘tgan. Biroq ayolning homilasi bakterial va virusli infeksiya tufayli antenatal davrda vafot etgan. Anamneziga ko‘ra, bemor homiladorlik davrida kamsuvlik, 2-3 marta O’RVI va o‘tkir siydik yo‘llari infeksiyasiga qarshi davolangan.
Murdani oila a’zolari sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazishni yozma ravishda rad etganligi sababli tug‘uruqxona mudirasi tomonidan uyiga berib yuborilgan. Shu bois mazkur holat yuzasidan tug‘uruqxona bo‘limi mudiri X.Abidovaga nisabatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Jarrohlikdan so‘ng bemorning bachadoni doim toza bo‘lgan (bir necha marta UTT tekshiruvi o‘tkazilgan) va tug‘uruqdan keyingi 31-kunda normal hayz sikli boshlangan. Undan keyingi 10-kunda ayol o‘tkir zamburug‘li kolpit bilan uy sharoitida mustaqil davolangan. Ya’ni o‘zboshimchalik bilan zamburuqqa qarshi tibbiy shamchalar va doka tampondan foydalangan.
So‘nggi oylarda bemor sog‘ligining yomonlashishiga aynan o‘tkir zamburug‘li kolpit bilan kasallanishi, siydik yo‘llari infeksiyasining takrorlanishi va laktatsiya qaytalanishi birgalikda kechgani sabab bo‘lgan.
Ya’ni ishchi guruhi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ayol qornida tibbiy doka va rezina qo‘lqop qolib ketgani haqida tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz ekani haqida xulosa berildi.
Faqat ayolning qinidan (qorni yoki bachadonidan emas) mustaqil davolanishda ishlatilgan tibbiy shamcha va tampon qoldiqlari tushgan. Fuqaro tomonidan olingan suratda aynan ushbu vositalarning qoldiqlari (ishchi guruhga taqdim etilgan) aks etgan.
Homilaning tirik yoki o‘lik holda tug‘ilganligini bilish uchun eksgumatsiya hamda qindan chiqqan ajralmalar nima ekanligini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazish so‘ralganda, fuqaro B.U. har ikkala tekshiruvni ham rad etdi.
Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tibbiy ko‘rik (akusherlik, umumiy va UTT tekshiruvi) natijasiga ko‘ra, ayni paytda ayolning umumiy holati qoniqarli.
Sharhlar