Toshkentda avtobusda sog‘lig‘i yomonlashgan fuqaro vafot etdi

26-sentabr kuni Olmazor tumanining Beruniy metro bekati yaqinida avtobusda sog‘lig‘i yomonlashgan yo‘lovchi ko‘chada vafot etdi. “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, fuqaro dastavval 18-avtobus saroyi tasarrufidagi avtobusda o‘zini yomon his qila boshlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda go‘yoki piyoda avtobus urib yuborgani oqibatida vafot etgani aytiladi.

Ichki ishlar boshqarmasining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi esa buni inkor qildi. Keltirilishicha, voqea kunduzi taxminan soat 11:20 larda sodir bo‘lgan. Metro bekati yonida turgan avtobus ichida 63 yoshli yo‘lovchining sog‘lig‘i yomonlashgan. Yo‘lovchi havo yetishmagani sababli avtobusdan tashqariga olib chiqilgan va unga tez tibbiy yordam chaqirilgan.

Biroq tez yordam mashinasi yetib kelguniga qadar yo‘lovchi vafot etgan. YHXB mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.