Bosh prokuratura Sariosiyoda ayiq otib o‘ldirilgani yuzasidan ma’lumot berdi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida aholi hayotiga xavf tug‘dirgan ayiqning otib o‘ldirilganligi holati yuzasidan izoh berdi.

2024-yil 15-may kuni soat 10:00 larda Sariosiyo tumani “Jannatmakon” mahallasi “Kichik ko‘l” qishlog‘iga noma’lum tomondan qo‘ng‘ir tog‘ ayig‘i kelib aholi orasida vahima uyg‘otgan.

Tuman IIB, tuman obodonlashtirish, ekologiya bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida ushbu ayiqni ushlash chorasini ko‘rish vaqtida “Jannatmakon” mahallasi yoshlar yetakchisi S.Xusayinovni sudrab, tuman IIB XPB profilaktika inspektori katta leytenant R.Xasanovga tashlangan va uning o‘ng qo‘li barmoq soxasiga yengil tan jaroxati yetkazgan.

Shundan so‘ng, mahallada joylashgan 74-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi tomonga kirib borayotgan vaqtida maktab qorovuli tomonidan maktab darvozasi yopib qo‘yilgan, shunga qaramasdan ayiq o‘zini darvozaga urib,  maktab binosiga kirmoqchi bo‘lgan.

Maktab o‘quvchilariga va shu yerdagi aholi xayotiga havf tug‘dirishini oldini olish maqsadida tuman IIB hisobida turuvchi ovchilar jalb qilinib, ayiq otib zararsizlantirilgan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, ayiqning quturganligini aniqlash bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Holat Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.