Samarqandda ayiqlar chorva mollariga hujum qilib, 4 echkini yeb qo‘ydi
Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumani Soyg‘o‘s MFY hududida 3 ta ayiq mahalliy aholining qo‘y-mollariga hujum qilgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur holat Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va uning Urgut tumani inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan tezkor tartibda nazoratga olingan.
Aniqlanishicha, ushbu holat Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida joylashgan Kunko‘rmas dovonining Qashqadaryo viloyati hududida sodir bo‘lgan. Suv sathidan 2500-2700 metr balandlikdagi ushbu yovvoyi tabiatga tegishli bo‘lgan ayiqlarning yashash manzilida Urgut tumani Soyg‘o‘s MFYning cho‘ponlari ijara asosida mol-qo‘ylarini boqib kelishayotganda noyob tur hisoblangan O‘rta Osiyo qo‘ng‘ir ayiqlari to‘rt bosh echkini yeb qo‘ygan. Biroq cho‘ponlarga yoki ayiqlarga talafot yetmagan.
Shuningdek, mahalliy aholining taʼkidlashicha, 2 kun burun kechasi ayiqlar Soyg‘o‘s MFYga 2-3 kilometr yaqinlikdagi tog‘ bag‘rida o‘suvchi mevali daraxtlarni yeyish uchun tushib kelgan. Hozirda tegishli mutaxassislar tomonidan holat nazoratga olinib o‘rganish ishlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.
Sharhlar