Ayrim korxonalarning yog‘-moylari talablarga javob bermasligi ma’lum bo’ldi
Ayrim yog‘-moy ishlab chiqaruvchi korxonalar belgilangan talablarga nomuvofiq mahsulot ishlab chiqarayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Korxonalarning paxta texnik chigitini to‘liq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi, ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega ekanligi hamda qayta ishlashdan olingan mahsulotlarning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligi ustidan nazorat “O‘zagroinspeksiya” tomonidan amalga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida jami 39 ta yog‘-moy korxonasida belgilangan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Natijaga asosan 17 ta paxta texnik chigitini qayta ishlaydigan yog‘-moy korxonalari qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat yuritayotganligi, 22 ta korxona faoliyati esa belgilangan talablarga muvofiq emasligi aniqlangan.
Aniqlangan kamchilik va qonunbuzilishlar yuzasidan korxonalarga nisbatan jami 67 ta (26 ta yozma ko‘rsatma, 40 ta ogohlantirish, 1 ta ma’muriy bayonnoma) ta’sir choralari qo‘llanildi.
Qarorda belgilangan talablarga muvofiq yoki muvofiq bo‘lmagan yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar haqidagi ma’lumotlar doimiy Respublika tovar xom-ashyo birjasiga kiritib kelinmoqda.
Bugungi kunda, respublika bo‘yicha jami 164 ta (shundan, 79 tasi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi korxonalar) muvofiq deb topilgan yog‘-moy korxonalarining ishlab chiqarish quvvati 16 682 tonna/sutkani tashkil qiladi.
Sharhlar