Ayrim tadbirkorlarga to‘langan solig‘ining bir qismi qaytarib beriladi

Foto: yuz.uz

Hukumat Qarori (745-son, 07.11.2024 y.) bilan Umumiy ovqatlanish, turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik Nizomi tasdiqlandi.

Vaqtinchalik Nizomga ko‘ra, 2024-yil 1-oktabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga – budjetga to‘langan soliqning 20 foizi qaytariladi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga oylik tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasining naqd pulsiz qismi:

60 foiz va undan yuqori bo‘lganda — budjetga to‘langan soliqning 40 foizi;
60 foizdan kam bo‘lganda — budjetga to‘langan soliqning 20 foizi qaytariladi.

Tadbirkorlik subyekti soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.

  • Soliqning bir qismi quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:
  • hisobot davrida soliq bo‘yicha taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq budjetga to‘liq to‘langanda;
  • hisobot davrida umumiy ovqatlanish, turoperatorlik yoki mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha umumiy tovar aylanmasi jami tovar aylanmasining 90 foizidan kam bo‘lmaganda;
  • hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lgan identifikatsiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.

Vaqtinchalik Nizom 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.