Toshkentdagi mehmonxonada odamlar tinchligini buzgan isroillik fuqaro 15 sutkaga qamaldi

Foto: Oyina.uz

16-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida mehmonxonada tartib buzgan isroillik fuqaroga jazo tayinlandi, deb xabar bermoqda UzNews.uz.

Ish hujjatiga ko‘ra, 2024-yil 16-aprel kuni soat 22:30 da mehmonxona ishchisi Toshkent shahar IIBB ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, isroillik mijoz Aleksander Xaustav ustidan shikoyat qilgan.

Aniqlanishicha, u mehmonxonada kechasi baland ovozda musiqa qo‘yib, fuqarolarning tinchligini buzgan. Bundan tashqari mast holatda mehmonxonaga peshob qilgan. Holat yuzasidan kelgan IIO xodimlari uni IIB bo‘limiga taklif qilishganida borishdan bosh tortib, IIO xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan.

Sud majlisida huquqbuzar Aleksander Xaustav aybiga iqrorlik bildirib, o‘sha kuni uyida spirtli ichimlik iste’mol qilganini, O‘zbekistonga “pasxa” bayrami munosabati bilan, ota-onasi qabrtoshlarini yangilash uchun kelganini bildirgan.

Sud qarori bilan Aleksander Xaustav MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik), 192-moddasi (maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) va 194-moddasining 1-qismida (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 15 sutka ma’muriy qamoq hamda BHMning 4 dan 3 qismi miqdorida (533 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.