O‘zbekistonda 3 ta bankning 148 nafar xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgani aniqlandi

Foto: Depositphotos

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazib kelinmoqda, deyiladi agentlik xabarida.

Xususan, “Mikrokreditbank” ATB, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamda “Turonbank” ATB va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda ularning 148 nafar boshqaruv xodimi 155 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi.

Jumladan, “Mikrokreditbank” ATBning 94 nafar boshqaruv xodimi 96 ta tadbirkorlik subyektida, “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 41 nafar boshqaruv xodimi 46 ta tadbirkorlik subyektida hamda “Turonbank” ATBning 13 nafar boshqaruv xodimi 13 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha Agentlik tomonidan mazkur banklarga taqdimnomalar kiritildi.

O‘z navbatida, banklar tomonidan taqdimnomalar tanqidiy muhokama qilingan holda tadbirkorlik subyektlarida taʼsischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.

Agentlik eslatishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlarida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.