Sirdaryo viloyatida bankomatni o‘marmoqchi bo‘lgan ikki talaba 4 yilga qamaldi

Foto: Irozhlas.cz

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida ikki nafar talaba yigit pul topish, mo‘maygina daromadga ega bo‘lish maqsadida UzCard bankomati, uning ichidagi pullarni o‘marmoqchi bo‘ldi, deb yozadi O’zA.

Ular tungi vaqtda Mirzaobod tumanining Bog‘iston  mahallasida joylashgan  UzCard bankomatini  pichoq,  temir ochqichlar bilan buzishga uringan. Ammo yaqin orada turgan IIB xodimlari ularning noqonuniy xatti-harakatiga nuqta qo‘ydi. Agar  rejalari amalga oshganida edi,  uncha-muncha emas,  naqd 177 mln 395 ming so‘mni qo‘lga kiritib,  millionerga aylanishardi, deyiladi xabarda.

Ushbu ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzaobod tuman sudida ko‘rib chiqildi. Odil va Dilshod(ismlar o‘zgartilgan)ning voyaga yetmagani,  Hamidulla degan yigitning ham bu  jinoyatga aloqadorligi guvohlarning so‘zlari, rad etib bo‘lmaydigan dalillar bilan isbotlandi.

–Mazkur sud ishida   aybdorlar qilmishidan pushaymonligi, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararning qoplanganligi  inobatga olinib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash  so‘raldi, – dedi Sirdaryo  viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Jahongir Turdimurodov. –Ammo  sudning yakuniy hukmiga ko‘ra,  Odil va Dilshodga nisbatan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan to‘rt yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ushbu jazoni yigitlar umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashligi  sud tomonidan belgilandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.