Bir qator MCHJlar dori mahsulotlarini biologik faol qo‘shimcha sifatida ro’yxatdan o’tkazganligi aniqlandi

Foto: qashinvest.uz

Hozirda dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish talablari qiyinlashganligi sababli, ayrim tadbirkorlar tomonidan ushbu tarkibli mahsulotlarni BFQ (biologik faol qo‘shimcha) hamda oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida ro‘yxatga o‘tkazish holatlari mavjud. Xususan, Raqobat qo‘mitaga kelib tushgan murojaat yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilganda quyidagilar aniqlandi:

“Jo‘rabek laboratories” MCHJ QK tomonidan ishlab chiqarilgan “ORSA” dori vositasi boshqa ishlab chiqaruvchilar tomonidan BFQ sifatida ro‘yxatga olinganligi va murojaatdagi barcha mahsulotlarga Sog‘liqni saqlash vazirligining Ekspert komissiyasining tegishli qarorlariga muvofiq, biologik faol qo‘shimchasiga (BFQ) ruxsatnomalar berilgan.

Holat yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazini jalb etgan holda o‘rganish o‘tkazilganda:

  • “KIFTI-OB DORI DARMON” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “KIFTI” ORSA nomli BFQ mahsuloti haqiqatan ham dori vositasi tarkibiga mos kelishi aniqlandi va mahsulotni o‘rnatilgan tartibda dori vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish tavsiya etildi. Bundan tashqari,
  • “MALIKA LABORATORIES” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “ORS”;
  • “HVARA” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “ORSI MAX”;
  • “VITALLY” XK tomonidan ishlab chiqarilgan “ORSASOL” ;
  • “MADINA FARM MED” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “FITA ORSA” nomli BFQ mahsulotlari yo‘riqnomalarida dori vositasiga xos bo‘lgan xususiyatlar ya’ni turli kasalliklarni davolash va oldini olish uchun qo‘llanishi xususida noto‘g‘ri ma’lumotlar keltirilgan.

Shundan so‘ng vakolatli organ tomonidan yuqoridagi ishlab chiqaruvchilarga:

  • aniqlangan barcha kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ishlab chiqarishni to‘xtatish;
  • BFQ mahsulotini barcha savdo tarmoqlaridan qaytarib olish va bu haqda vakolatli organga axborot berish;
  • korxonalar tomonidan olingan ruxsatnomalarni qonunda belgilangan tartibda Sanepidqo‘mitaga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Yuqoridagilarga asosan, Qo‘mita tomonidan vakolatli organlarni jalb etgan holda ishlab chiqaruvchilarga javobgarlik masalasini ko‘rish hamda ushbu yo‘nalishdagi tizimli muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.