Birga yashaydigan ayolining uch yoshli o‘g‘lini o‘ldirgan fuqaro hibsga olindi

Фото: freepik

Toshkentda o‘zining birga yashaydigan ayolining uch yoshli bolasini o‘ldirgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar beradi Oliy sud matbuot xizmati.

Voqea 9-iyul kuni poytaxtning Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan. 31 yoshli erkak o‘zining birga yashaydigan ayoli bilan o‘zaro janjal paytida uning birinchi turmushidan bo‘lgan uch yoshli o‘g‘liga bir necha marta pichoq urib, voqea joyidan qochib ketgan. Bola kasalxonaga olib ketilayotgan paytda vafot etgan.

Aniqlanishicha, sudlanuvchining qonuniy oilasi bor, u Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Unga nisbatan 97-moddaning «v» va «g» bandlari (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Erkak qamoqqa olinib, sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 11-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” partiyasining yetakchisi Alisher Qodirov Toshkentda uch yoshli bolaning o‘ldirilishiga munosabat bildirgan edi.

“Bizning soliqlar hisobiga hayvonga aylangan jinoyatchini saqlash, uning sog‘lig‘ini saqlash, ovqatlantirish va uning qo‘lidan yana boshqa birovning o‘lishini kutishdan ma’no  yo‘q. Jamiyatni bunday odamlardan tozalash kerak!”, degandi deputat.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.