O‘zbekistonda OTMlar bitiruvchilarining yarmidan ko‘pi ishsiz bo‘lib qolmoqda
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yarmidan ko‘pi hali ish topa olgani yo‘q. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan o‘quv yilini tugatgan 214 ming nafar bitiruvchining 41 foizi, ya’ni 88 ming nafari hozirgi kunda korxona va tashkilotlar tomonidan yagona milliy mehnat tizimi orqali mehnat shartnomasi asosida qabul qilingani aniqlangan. Qolgan 59 foizi, 126 ming nafar bitiruvchi hali ish topmagani ma’lum bo‘lgan.
Musayevning aytishicha, ishga joylashmagan yoshlarning muammosini hal qilish uchun avgust-sentabr oylarida tizim tashkilotlari bilan ish olib boriladi.
Ayni paytda milliy vakansiyalar bazasida 358 ming bo‘sh ish o‘rinlaridan oliy ma’lumot talab qilinadigan bo‘sh ish o‘rinlari 112 mingtani tashkil etmoqda.
Yagona milliy mehnat tizimi orqali vakansiyalar bazasida 139 ming korxona va tashkilotlarning 358 mingta bo‘sh ish joyi haqidagi ma’lumot joylashtirilgan. Shundan 81 mingtasi davlat tashkilotlari, 277 mingtasi esa xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sharhlar