BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Bokuda O‘zbekiston paviloniga tashrif buyurdi

O‘zbekiston delegatsiyasining taklifiga binoan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) Ijrochi direktori Inger Andersen Boku shahrida COP29da taqdim etilgan O‘zbekiston Milliy paviloniga tashrif buyurdi.

I. Andersen vaqti tig‘iz bo‘lsada, O‘zbekiston paviloniga qiziqishi yuqori bo‘lganligi uchun atayin tashrif buyurganini va respublikaga tashrifini katta taassurotlar bilan yodga olishini ta’kidladi.

Tashrif davomida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari O‘zbekistonga UNEP va uning tuzilmalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, xususan, UNEPning ekologik konvensiyalarining yuqori darajadagi tadbirlarini faol boshlaganligi, shu jumladan, BMT Konvensiyasining bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi (UNCCD CRIC21), Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi (CMS COP14) va Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 20-yig‘ilishi (CITES COP20) uchun minnatdorlik bildirdi.

I. Andersen, shuningdek, COP29 ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston paviloni mamlakatning barqaror rivojlanish masalalarini hal etishga har tomonlama yondashuvini namoyish etganini aytib o‘tdi. Qolaversa, pavilon ekspozitsiyasi o‘zining mazmun-mohiyati va respublikaning boy tabiiy va madaniy merosini aks ettirishi bilan boshqa mamlakatlar uchun ilhomlantiruvchi namuna yaratishini ta’kidladi.

UNEP rahbari 2025-yil 24-noyabrdan 5-dekabrgacha O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya (CITES COP20) ishtirokchilarining 20-konferensiyasiga taklif qilindi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.