BMT Bosh kotibi O‘zbekistonga tashrif buyuradi
29-iyun kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Markaziy Osiyo davlatlariga safar qiladi. U O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonga tashrif buyuradi. Bundan avval, Guterrish ushbu mintaqaga 2017-yilda tashrif buyurgan edi.
Bu haqda uning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik juma kuni Nyu-Yorkdagi brifingda ma’lum qildi. Unga ko‘ra, har bir davlatda BMT Bosh kotibi davlat rahbari va boshqa yuqori martabali hukumat vakillari bilan uchrashadi, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga oid loyihalar bilan tanishadi va mahalliy faollar bilan muloqot qiladi. Turning birinchi bekati O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri.
4-iyul kuni Ostonada Bosh kotib Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etadi. Guterrish oʻz nutqida forum ishtirokchilariga BMT Nizomi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga asoslangan koʻp tomonlama tamoyillarga sodiqligini yana bir bor tasdiqlash zarurligini eslatib oʻtadi. U bu sa’y-harakatlarning markazida tinchlik bo’lishi kerakligini ta’kidlaydi.
BMT Bosh kotibi, uning matbuot kotibi so‘zlariga ko‘ra, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni geosiyosiy tafovutlar umumiy tahdidlarni, jumladan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni samarali hal qilishga imkon bermasligidan ogohlantirish niyatida.
Sharhlar