BMT ma’ruzachisi O’zbekistonni o’rganish maqsadida mamlakatga keladi
Janob Balakrishnan Rajagopal mamlakat milliy qonunchiligi va amaliyotida uy-joy huquqini himoya qilish va amalga oshirish, jumladan turar joyning arzonligi, yaroqliligi, tegishli xizmatdan foydalanish imkoniyati va majburiy ko‘chirish holatini o‘rganadi.
Ekspert mazkur huquqdan mamlakat aholisi barcha toifa, guruhlari foydalanishi uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qiladi. Shuningdek, iqlim inqirozining uy-joy huquqiga ta’siri va aholini qiziqtirayotgan mavzuga oid masalalar, shaharsozlik bo‘yicha qaror qabul qilishda odalar ishtirokiga ham e’tibor qaratadi.
Rejaga ko‘ra, BMT vakili Toshkent, Jizzax, Samarqand, Buxoro viloyatlari shahar, tumanlariga, jumladan talabalar yashash joyi, oilada turli murakkablikka uchragan yoki boshpanasiz qolgan shaxslar uchun mo‘ljallangan manzillarga borishi kutilyapti. Qator rasmiy uchrashuvlar, fuqarolik jamiyati va biznes doira vakillari bilan muloqot ham ko‘zda tutilgan.
Safar yakuni bo‘yicha BMT maxsus ma’ruzachisi matbuot anjumani o‘tkazadi. 2025-yil mart oyida esa BMT Inson huquqi bo‘yicha kengashiga tashrifi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
Sharhlar